jqtm
Yuklanmoqda...

Yana bir dolzarb loyiha ustidagi ishlar yakunlandi

O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi mamlakatimizda Kanada mahalliy tashabbuslar jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirilgan «O‘zbekiston mediasining tinchlikni barpo etish va nizolarning oldini olishdagi roli» loyihasi bo‘yicha ishlarni muvaffaqiyatli yakunladi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad — jurnalistlar, blogerlar, fuqarolik jamiyati vakillari va talabalarning tinchlikni barpo etish masalalari, nizoli vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslikda medianing, ayniqsa, talaba yoshlarning roli hamda jamoalarda ushbu yo‘nalishda ishlash bo‘yicha kompetensiyalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Urganch, Buxoro, Qarshi va Farg‘ona shaharlarida o‘tkazilgan mintaqaviy o‘quv seminarlari davomida yuzdan ortiq jurnalistlar, blogerlar va NNT vakillari jamiyatdagi millatlararo, dinlararo va boshqa nizolar profilaktikasi masalalarini OAV, ijtimoiy tarmoqlar, san’at va boshqa ijodiy faoliyat turlarida yoritish bo‘yicha o‘z ko‘nikmalarini oshirdilar. Ishtirokchilar ijodiy ishning etika standartlari bilan tanishdilar, bag‘rikenglik, oila va jamiyatda muloqot o‘rnatish hamda ushbu mavzuda turli formatdagi mediamateriallar yaratish mahoratini rivojlantirdilar. Ochiq munozaralar davomida yoshlar ekspertlar bilan birgalikda muammolar va nizoli vaziyatlardan chiqish yo‘llarini, shuningdek, tinchliksevar ijod bag‘rikenglikni rivojlantirish hamda jamiyat barqarorligi va farovonligini mustahkamlashga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini muhokama qildilar.

Jurnalistlar, blogerlar, jurnalistika va boshqa ijodiy oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun tinchlik jurnalistikasi sohasida o‘quv qo‘llanmasi tayyorlandi va nashr etildi. Ushbu qo‘llanma O‘zbekistonda mazkur ixtisoslik bo‘yicha o‘zbek tilidagi yangi darslikka aylanadi. Undan tinchlik jurnalistikasi nima ekanligi, shuningdek, eng murakkab masalalarni yoritishda ijodiy yondashuv uchun qaysi media usullari va formatlaridan foydalanish zarurligi haqidagi boblar o‘rin olgan.

Toshkent shahrida talaba yoshlar uchun Mediamaktab ham tashkil etildi. Unda jurnalistika, Badiiy akademiya (San’at va dizayn instituti), Kinematografiya instituti (VGIK) talabalari hamda JQTM ekspertlari ishtirok etdilar. Ishtirokchilar nizolarga sezuvchan jurnalistika, yangi multimedia vositalaridan foydalangan holda ijtimoiy tarmoqlarda ishlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirdilar. Ular nizolarning kelib chiqish muammolari va ularni hal etish yo‘llari, gender tengligi hamda tinchlikni barpo etishda ayollar va qizlarning roli haqida batafsil ma’lumot oldilar. Shuningdek, ishtirokchilar o‘z mediasavodxonligini, kiberxavfsizlik, ish va ijodda SI (sun’iy intellekt)dan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirdilar hamda materiallar va boshqa ijodiy ishlarni tayyorlash bo‘yicha amaliy topshiriqlarni bajardilar.

Loyihaning yakuniy bosqichi Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida «Yoshlar ijodida tinchlikni barpo etish g‘oyalarini ilgari surish» mavzusidagi Mintaqaviy davra suhbati bilan belgilandi. Tadbirda «OAV, madaniyat va san’atda tinchliksevarlik g‘oyalari jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlovchi omil sifatida», «Madaniyat va san’at yoshlarning tinchliksevarlik salohiyatini faollashtirish omili sifatida», «Yoshlar dunyoqarashini shakllantirishda ijtimoiy tarmoqlarning roli: imkoniyatlar va xatarlar» kabi muhim mavzular muhokama qilindi. «Oila, maktab va davlat hamkorligi orqali milliy qadriyatlarni ilgari surish va mustahkamlash, shuningdek, barkamol avlodni tarbiyalash va boy madaniy muhit yaratish uchun yoshlarni mafkuraviy ta’sirlardan himoya qilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi» mavzusidagi sessiya va keng ko‘lamli munozarada Markaziy Osiyo davlatlari ekspertlari faol ishtirok etdilar. Loyihada doirasida «Yoshlar ijodida tinchlikni barpo etish mavzusi» tanlovi ham o‘tkazildi. Hakamlar hay’ati taqdirlash uchun eng yorqin va kreativ ishlarni saralab oldi. To‘rtta asosiy yo‘nalish bo‘yicha quyidagilar g‘olib bo‘ldilar:

  • TV yo‘nalishida – Saidakbar Mo‘minov, jurnalist, «Sevimli» telekanali.
  • «Kinematografiya» yo‘nalishida – Nuriya Safarova, Kinematografiya instituti uchinchi bosqich talabasi.
  • «Ijtimoiy tarmoqlar» yo‘nalishida – Azizjon Mamadiyorov, O‘zDJTU xalqaro jurnalistika talabasi.
  • «Internet-OAV» yo‘nalishida – «Qalampir.uz» internet nashri muxbiri Ergashev Abdurahmon.

Rag‘batlantiruvchi mukofotlar quyidagilarga topshirildi:

  • Maftuna Karimovaga, jurnalist, Ishonch.uz;
  • Rustamova Darmonjonga, O‘zMU magistratura bosqichi birinchi kurs talabasi;
  • Ovchinnikova Annaga – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti magistrantiga.

Tanlov tashkilotchilari, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi ekspertlari va trenerlari tanlov g‘oliblarini tabriklaydilar va ularga o‘z ijodlari orqali tinchlik, bag‘rikenglik va ezgulik g‘oyalarini targ‘ib qilishda zafarlar tilaydilar!

#CFLI