jqtm
Yuklanmoqda...

Dezinformatsiyaga qarshi immunitet

Bugungi kunda globallashuv va yuqori texnologiyalarning shiddatli rivojlanishi sharoitida, yoshlar ongini zaharlashga qaratilgan dezinformatsiya hamda destruktiv g‘oyalarning tarqalishi jahon hamjamiyatida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bunday vaziyatda o‘sib kelayotgan yosh avlodda g‘oyaviy immunitetni shakllantirish, tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish va internet orqali olinayotgan ma’lumotlarni tahlil qila olish qobiliyatini oshirish hayotiy zaruriyatga aylanmoqda.

Nukus shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori idorasi hamda O‘zbekistonda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida “Radikalizm va terrorizmning oldini olishda O‘zbekiston ijodkor yoshlarining salohiyatini oshirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti “Jurnalistika” yo‘nalishining talabalari, magistrantlari va doktorantlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston jurnalistlari ishtirok etishdi. Ikki kunlik seminar radikalizm va terrorizm profilaktikasi, raqamli firgarlikka qarshi kurashish hamda media makonda jurnalistlarning huquqiy savodxonligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.

Seminarning birinchi kuni mazmunli chiqishlar va qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Laura Seytova jinoyatchilikning oldini olish doirasida yoshlar bilan ishlash va destruktiv kontentga qarshi kurashish borasidagi faoliyat haqida batafsil so‘zlab berdi. U internet tarmog‘ida odamlar ongini manipulyatsiya qilish uchun foydalaniladigan qonunga xilof g‘oyalar va salbiy kontentlarning tarqalishi muammosiga, shuningdek, kiberjinoyatchilik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Respublika prokuratura organlari va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashning ahamiyati qayd etildi.

Bugungi kunda ayrim yoshlarning internetda diniy manipulyatsiyalar qurboniga aylanayotgani sir emas. Ushbu mavzuni ekspert Yaqutxon Mamatova o‘zining qimmatli fikrlari va amaliy tajribasi bilan to’ldirdi. Seminarda ta’kidlanganidek, tanqidiy fikrlash yosh jurnalist va blogerlar faoliyatida muhim o‘rin tutadi va ularga ijtimoiy tarmoqlardagi siyosiy, diniy hamda boshqa ko‘rinishdagi manipulyatsiyalar qurboniga aylanib qolmaslikka yordam beradi.

Tadbirning nazariy qismi amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Mediaekspert Nozima Toshpo‘latova ishtirokchilarga radikallashuv jarayonlari haqida gapirib berdi va terrorizmga qarshi kurashda samarali kontrnarrativ (aks-g‘oya) yaratish usullarini o‘rgatdi. Internet ma’lumot qidirish uchun muhim va ishonchli vosita bo‘lsa-da, undagi barcha axborotlarga ham ishonaverish mutlaqo noto‘g‘ri. Soxta xabarlarni (feyklarni) aniqlash yo‘llari aniq amaliy misollar yordamida ko‘rsatib berildi. Zamonaviy auditoriya, ayniqsa yoshlar, vizual ma’lumotlarni uzun matnlarga qaraganda ancha tez qabul qiladi. Shu sababli, mediaekspert Artur Kanning shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va raqamli manipulyatsiyalar bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga bag‘ishlangan mashg‘ulotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Seminar davomida ishtirokchilarga ijtimoiy tarmoqlardagi kontentning ijobiy va salbiy ta’sirini, shuningdek, tinchliksevar g‘oyalarni ilgari surish usullarini ko‘rsatuvchi qisqa videoroliklar namoyish etildi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt (SI) vositalaridan unumli foydalanish strategiyalari ko‘rib chiqildi. Kichik guruhlarga bo‘lingan ishtirokchilar olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ular aholi o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazdilar, shuningdek, insonlarning hayotiy voqealari va taqdirlarini aks ettiruvchi mualliflik mediadosyalari loyihalarini ishlab chiqdilar. Zamonaviy axborot texnologiyalari ijodkor yoshlardan yuqori mas’uliyat talab qiladi. Bu, ayniqsa, media makonda kiberjinoyatchilar tomonidan yashirin tahdidlar mavjud bo‘lgan hozirgi sharoitda juda dolzarbdir.

“Bugun media savodxon yoshlar nafaqat voqea-hodisalarni yoritib boradi, balki jamiyatda g‘oyaviy barqarorlikni mustahkamlashga ham hissa qo‘shadi. Seminar davomida biz faktcheking, ma’lumotlarni tekshirish va axborot tahlili bilan shug‘ullandik. Yoshlar va jurnalistlarning ijodiy g‘oyalarni ilgari surishga qaratilgan muhokamalarda faol ishtirok etishlarini ta’minlashga harakat qildik. Ayniqsa, yoshlarning tashabbus ko‘rsatib, dolzarb vazifalarni hal etishda zamonaviy yondashuvlarni taklif qilgani bizni quvontirdi. Bu mamlakatimizda sog‘lom axborot muhitini yarata oladigan yangi avlod shakllanayotganidan dalolat beradi”, — deb ta’kidladi filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti professori, ekspert Yaqutxon Mamatova.

“O‘zbekistonda radikalizm va terrorizmning oldini olishda ijodkor yoshlarning salohiyatini oshirish’ mavzusidagi seminarda ishtirok etib, o‘zim uchun juda ko‘p foydali va zarur ma’lumotlarni oldim. Trening davomida mutaxassislar, ekspertlar va davlat organlari vakillari raqamlashtirish davrida ishonchli axborotning ahamiyati naqadar yuqori ekanligi haqida gapirib berishdi. Seminarda olgan bilimlarim kelgusi professional faoliyatimda yordam beradi ва amaliyotda muvaffaqiyatli qo‘llaniladi deb umid qilaman”, — deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti “Jamoatchilik bilan aloqalar (PR)” yo‘nalishi 2-bosqich magistranti Muslima Jiyenbayeva.

Halima ASENOVA, maxsus muxbir