jqtm
Yuklanmoqda...

Yosh jurnalistlar bilan ishlashda yangi qadamlar

Bugun Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston davlat universiteti (QDU) jurnalistika fakultetining jurnalistlari, o‘qituvchilari va magistrantlari uchun trening o‘z ishini boshladi. Bu O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazining (JQTM) “Radikallashuv va terrorizmning oldini olishda yoshlar salohiyatini oshirish” mavzusidagi yangi loyihasidir. Mazkur loyiha YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori idorasi ko‘magida hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekspertlik ko‘mogi ostida JQTM tomonidan bir necha yildan beri ushbu yo‘nalishda amalga oshirib kelinayotgan turkum loyihalarning davomi hisoblanadi. Nukus shahridagi treningda ijtimoiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi prokurori Seytova Laura Kamiljanovna hududda radikallashuvga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida taqdimot bilan ishtirok etdi.

Loyihaning vazifalari yosh jurnalistlar hamda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari talabalarining kompetensiyalari va ko‘nikmalarini rivojlantirishga, terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashishga ko‘maklashish maqsadida yoshlar uchun ijodiy materiallar, san’at asarlari hamda badiiy filmlar yaratishdagi ishtirokini oshirishga qaratilgan. Mamlakatimizning 3 ta hududida — Nukus, Buxoro va Samarqand shaharlarida jurnalist va blogerlar uchun treninglar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Jurnalistlar, blogerlar va talabalar uchun tashkil etilgan ushbu treninglar doirasidagi o‘qitishning maqsadi — yoshlar o‘rtasida manipulyatsiyalarga nisbatan chidamlilikni shakllantirish, oflayn va onlayn muhitda xavfsiz xulq-atvor ko‘nikmalarini rivojlantirish, tanqidiy fikrlashni, media savodxonlik bo‘yicha kompetensiyalarni hamda radikallashuv va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha yoshlarbop kontent yaratish ko‘nikmalarini oshirishdan iborat. Treninglar davomida ishtirokchilar ochiq muloqotlarda va mavzuviy keyslar muhokamasida fikr almashadilar, zamonaviy mediaplatformalar hamda sun’iy intellektdan (SI) foydalangan holda amaliy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanadilar.

Talaba yoshlar uchun, shuningdek, Toshkent viloyatida Medialager tashkil etiladi. Poytaxtdagi turli ijodiy oliy o‘quv yurtlaridan kelgan ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda mediamateriallar uchun o‘z rejalarini ishlab chiqadilar. Bunday birgalikdagi ish ishtirokchilarning madaniyat va san’atning turli sohalari — kino, tasviriy san’at, jurnalistika bo‘yicha dunyoqarashini kengaytirishga, shuningdek, yoshlar o‘rtasida radikallashuv va terrorizm profilaktikasini kuchaytirishda har bir sohaning imkoniyatlarini ko‘rishga yordam beradi. Talabalar real keyslarni muhokama qiladilar va guruh dinamikasida barqarorlik ko‘nikmalarini shakllantiradilar, shuningdek, dolzarb mavzularda, shu jumladan, yoshlarni destruktiv g‘oyalarning radikal ta’siridan himoya qilishda badiiy ijod, badiiy filmlar, video, rilslar (reels) hamda umuman madaniyat vositalaridan foydalanish bo‘yicha ochiq munozaralar tashkil etadilar. Loyiha davomidagi o‘quv jarayonida mavzuviy videolar va psixologik o‘yinlardan foydalaniladi. Ushbu o‘yinlar o‘yin formati orqali manipulyatsiyalarni, guruh bosimini va mafkuraviy tuzoqlarni aniqlashni o‘rgatadi. Bu esa yoshlarda doimo yuqori qiziqish uyg‘otadi va ularning jarayonga faol jalb etilishini ta’minlaydi.