jqtm
Yuklanmoqda...

Yangi mintaqaviy tadbir uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda

O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi Kanada mahalliy tashabbuslar jamg‘armasi ko‘magida shu yilning fevral oyida Toshkent shahrida «Yoshlar ijodida tinchliksevarlik g‘oyalarini ilgari surish» mavzusida ikki kunlik mintaqaviy davra suhbati o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ushbu tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan milliy va xalqaro ekspertlar, yosh jurnalistlar, blogerlar hamda ijodiy oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etadilar.

Davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad — jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlovchi omillar sifatida media sohasi, madaniyat va san’atda tinchliksevarlik g‘oyalari masalalarini muhokama qilishdan iborat. Shuningdek, barkamol avlodni tarbiyalash, boy madaniyat muhitini yaratish hamda submadaniyatlarni iste’mol qilish va tarqatishga nisbatan murosasizlikni shakllantirish maqsadida oila, maktab va davlat hamkorligi orqali milliy qadriyatlarni ilgari surish va mustahkamlash bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi bilan tanishish hamda yoshlarni buzg‘unchi mafkuraviy ta’sirlardan himoya qilish masalalari yuzasidan dolzarb munozaralar o‘tkaziladi.

Mazkur tadbir doirasida ishtirokchilar yoshlar dunyoqarashini shakllantirishda ijtimoiy tarmoqlarning roli: imkoniyatlar va xatarlar, shuningdek, jamiyat hayoti, ayniqsa, ijodkor yoshlar muhitidagi ko‘plab qiziqarli va dolzarb masalalarni muhokama qiladilar.

Muhokamalarda ijodkor yoshlarning ishtirok etishi bejiz emas, chunki ular bugungi kundayoq jurnalistika, kino, tasviriy san’at va dizayn sohasidagi ijodlari bilan o‘z tengdoshlarining ijtimoiy ongini shakllantirishni boshlamoqdalar hamda butun jamiyatning kelajakdagi madaniy-ma’naviy rivojlanishi va hissiy-psixologik holatiga ta’sir ko‘rsatmoqdalar. Tashkilotchilar ushbu tadbir barcha ishtirokchilar uchun foydali va qiziqarli bo‘lishiga umid bildiradilar.

#CFLI