

O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi (JQTM) va YUNESKO hamkorligidagi yoshlar, xususan, mamlakat oliy o‘quv yurtlari talabalarining media savodxonlik darajasini oshirish va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan loyiha yoshlar o‘rtasida media savodxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha tanlov g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bilan yakunlandi. Tanlov hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra, eng yaxshi ishlar uchun quyidagi ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar: Nurullo To‘xtasinov – kolumnist-yurist, Ilhomjon Abdusalomov – O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi, shuningdek, O‘zMU jurnalistika fakultetining 5 nafar talabasidan iborat guruh: Murtozaxon Toxirov, Mavjuda Muhammadova, Shaxzodbek Dalayev, Iskandar Abduxalikov va Gulxayo Xudoynazarova.
Ikki nafar ishtirokchi rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi: Shohrux Kenjayev – “Namanganliklar” kanali administratori va Umidjon Qurbonov – O‘zA jurnalisti.
Tashkilotchilar barcha g‘oliblarni muvaffaqiyatli ishlar va munosib mukofotlar bilan tabriklaydilar! Ularga o‘z kasbiy mahoratlarini yanada rivojlantirishni va yangi ijodiy zafarlarga erishishni tilab qolamiz!
Loyiha haqida qisqacha. Loyiha Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) va YUNESKO hamkorligidagi “O‘zbekiston hukumati va fuqarolarining huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” dasturi doirasida amalga oshirildi hamda jurnalistlar, blogerlar va O‘zbekiston jurnalistika fakultetlari talabalarining kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltirildi. O‘zJQTM ekspertlari va trenerlari loyihaning bir qator murakkab, ammo muhim vazifalarini muvaffaqiyatli bajardilar:
– jurnalistlar va talabalarni media savodxonlik masalalari bo‘yicha xabardor qilish va o‘qitish maqsadida keng qamrovli interaktiv formatni ta’minlash uchun JQTM platformasi modernizatsiya qilindi. Shu maqsadda platformaga ushbu mavzudagi 4 ta videokurs o‘zbek tilida joylashtirildi, bu esa yoshlar auditoriyasini uch barobarga oshirishga va kurslarni milliy tilda, o‘zlari uchun qulay vaqtda o‘rganishga imkon berdi. Platformaga jurnalistlar va blogerlar uchun o‘quv qo‘llanmalari ham joylashtirildi. Qiziqarli jihati shundaki, ushbu davrda sayt auditoriyasi tarkibiga nafaqat o‘zbekistonliklar, balki Markaziy Osiyo, AQSH va Fransiyadan kelgan xorijiy ishtirokchilar ham qo‘shildi;
– yosh jurnalistlar, talabalar va jurnalistika o‘qituvchilari uchun media savodxonlik, media materiallarini tayyorlashning etik va gender jihatlarini ko‘rib chiqish, vizualizatsiya vositalari va sun’iy intellektdan (SI) foydalanish ko‘nikmalarini o‘zlashtirish, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, raqamli xavfsizlik choralari haqida xabardorlikni oshirish va yoshlar auditoriyasi uchun qiziqarli hamda sifatli materiallarni amaliy tayyorlash bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi;
– yoshlar uchun 4 ta videorolik hamda loyiha faoliyati haqidagi materiallar tayyorlanib, onlayn platforma orqali tarqatildi. Xozirda loyiha o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi, uning ijrochilari esa bugungi kunda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda media savodxonlikni yanada oshirish hamda mamlakat yoshlar auditoriyasini yanada kengroq qamrab olish maqsadida ushbu ishlarni davom ettirish uchun yangi yo‘llar va yondashuvlarni izlamoqdalar.








