jqtm
Yuklanmoqda...

“Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankida jamoatchilik eshituvlari o’tkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaning oldini olishning yaxlit tizimi (Korrupsiyaning oldini olish klasteri)ning 2026-yilga moʻljallangan ish rejasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni kuchaytirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish va oʻtkazish vazifalari belgilangan.

Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirokida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Shuningdek, tadbir doirasida “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan oʻtkazilayotgan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri ham tashkil etildi.

Jamoatchilik eshituvining asosiy maqsadi bank tizimida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan jamoatchilikni xabardor qilish hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali muloqotni taʼminlashdan iborat boʻldi.

Tadbir davomida bankninig Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati masul xodimlari tomonidan ishtirokchilarga bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar, ushbu yoʻnalishda qabul qilingan ichki normativ hujjatlar, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va ularni minimallashtirish mexanizmlari, komplayens-nazorat tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, bank tizimi boʻyicha oʻtkazilgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalari yani bank faoliyatining 25 ta funksiyasida korrupsiyaviy xavflar aniqlanib, ularning 10 tasi oʻrta, 15 tasi esa past xavf darajasiga mansubligi ishtirokchilar eʼtiboriga havola qilindi. Xususan, kreditlash jarayonlari, davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bilan ishlash, bank aktivlarini boshqarish, bank xaridlari, muammoli aktivlar, valyuta operatsiyalari va kontragentlar bilan ishlash jarayonlari korrupsiyaviy xavf-xatarlarga nisbatan sezgir hisoblanishi maʼlum qilindi. Mazkur sohalarda inson omilini kamaytirish, qaror qabul qilish jarayonlarining shaffofligini taʼminlash va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida raqamli texnologiyalar hamda avtomatlashtirilgan nazorat vositalari keng joriy etilayotgani qayd etdildi.

Jamoatchilik eshituvida tijorat banklari tizimida 2025-yil hamda 2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida korrupsiyaga oid tugallangan jinoyatlar tahlili, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlari, mazkur holatlarga olib keluvchi omillar ham muhokama qilindi. Bunda korrupsion holatlarning aksariyati nazorat mexanizmlarining yetarli darajada ishlamasligi, manfaatlar toʻqnashuvining oʻz vaqtida aniqlanmasligi, inson omili yuqori boʻlgan jarayonlar hamda ayrim hollarda ichki tartib-taomillar talablariga toʻliq rioya etilmasligi bilan bogʻliq ekani qayd etildi. Jumladan, bankning Korrupsiyaga qarshi kurashish hizmati tahlillari natijasida hisobot davrida korrupsiyaga qarshi talablarni buzish bilan bogʻliq 5 ta holat, ularning 2 tasi murojaatlar asosida, 3 tasi esa xizmat tekshiruvlari natijasida aniqlangani, qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan
4 nafar bank xodimga nisbatan intizomiy jazo choralar qoʻllanilib, bir holat boʻyicha materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgani bildirib oʻtildi. Tadbir ishtirokchilariga bank tomonidan manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham maʼlumot berildi. Shuningdek, bank tizimida kadrlar bilan ishlash jarayonlarida korrupsiyaviy xavflarning oldini olish va manfaatlar toʻqnashuvini barvaqt aniqlashga qaratilgan profilaktik mexanizmlarning samarali qoʻllanilayotgani qayd etildi. Xususan, hisobot davrida bank tizimiga ishga qabul qilish uchun murojaat qilgan 453 nafar nomzod belgilangan tartibda kompleks oʻrganishdan oʻtkazilib, oʻrganish natijalariga koʻra 38 nafar nomzodda korrupsiyaviy xavflar hamda manfaatlar toʻqnashuvi alomatlari aniqlangan. Mazkur holatlar boʻyicha belgilangan tartibda tegishli qarorlar qabul qilinib, ehtimoliy korrupsiyaviy xatarlarning kelib chiqishiga yoʻl qoʻyilmagani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, korrupsiyaviy holatlar haqida xabar berishning samarali mexanizmlari yoʻlga qoʻyilganligi, jumladan ishonch telefoni, maxsus Telegram-bot, elektron murojaatlar platformasi va rasmiy veb-sayt orqali kelib tushayotgan murojaatlar belgilangan tartibda koʻrib chiqilayotganligi haqida maʼlumot berildi. Jamoatchilik eshituvi doirasida bankda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlarining korrupsiyaning oldini olishdagi ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, bank xizmatlarini masofadan turib koʻrsatish, kredit ajratish jarayonlarini avtomatlashtirish, raqamli identifikatsiya mexanizmlarini joriy etish hamda inson omilini qisqartirish orqali korrupsiyaviy xavflarni sezilarli darajada kamaytirishga erishilayotganligi malum qilindi. Joriy yilning 12–14-may kunlari “Korrupsiyaga qarshi boshqaruvning yangi arxitekturasi: samarali preventiv choralar sari” shiori ostida oʻtkazilgan VI Toshkent aksilkorrupsiya forumi doirasida Turonbank aksiyadorlik tijorat banki Ochiqlik indeksida 90 ball toʻplab, vazirlik va idoralar orasida 11-oʻrinni, tijorat banklari orasida esa 1-oʻringa munosib deb topilgani alohida taʼkidlandi.

Tadbir yakunida keng jamoatchilik vakillari tomonidan bank tizimida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga nisbatan taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, sunʼiy intellekt va zamonaviy tahliliy vositalardan foydalanish koʻlamini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiq maʼlumotlar hajmini oshirish hamda xodimlarning korrupsiyaga qarshi madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.Jamoatchilik eshituvi natijalariga koʻra, “Turonbank” ATB tomonidan korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini taʼminlash, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tizimli tus olganligi taʼkidlandi. Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda Bank matbuot xizmati va uning O’zbekistondagi barcha filiallarini kontent yaratish ko’nikmalariga, materiallarni nashr etishda sun’iy intellektdan foydalanishga o’rgatish va media savodxonligini oshirish taklif qilindi. Shuningdek, ko’proq jurnalistlarni ochiq eshiklar kuniga muntazam ravishda taklif qilish taklif qilindi. Bu korruptsiyaga qarshi kurash bo’yicha sa’y-harakatlarning shaffofligini va jamoatchilikning xabardorligini yanada oshirishga yordam beradi.

Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish kelishib olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jamoatchilik kengashi a’zolari:
Gulnаra Bаbаjаnova, “O’zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi” direktori, f.f.n.
Ulug’bek Muhamadiyev, «Perfect University” Tadqiqot markazi direktori, rektor maslahatchisi.