jqtm
Yuklanmoqda...

Raqamli davr va media uchun zamonaviy chaqiriqlar

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili idorasi shafeligida «Umumiy reallikni shakllantirish: raqamli davrda axborot yaxlitligi, mediaetika va ishonch» mavzusida Markaziy Osiyo mediakonferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Mo‘g‘uliston — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan 120 dan ortiq yetakchi mediaekspertlar, jurnalistlar va jurnalistika o‘qituvchilari ishtirok etdi. Bir necha sessiyalar davomida mediani yanada rivojlantirish va jamiyatda ularga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashning eng dolzarb hamda o‘tkir masalalari muhokama qilindi.

Ishonchga asoslangan axborot makonini shakllantirish masalalari bo‘yicha sessiyada axborot ekotizimlari murakkablashib borayotgan bir sharoitda mediaetika va OAVning samarali o‘zini o‘zi tartibga solish mexanizmlari jamoatchilik ishonchini saqlash hamda kasbiy jurnalistika standartlariga rioya qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Ishtirokchilar OAVni o‘zini o‘zi tartibga solishning turli yondashuvlarini, matbuot bo‘yicha mustaqil kengashlar va shunga o‘xshash mexanizmlarni yaratish hamda mustahkamlash imkoniyatlarini, shuningdek, ularni raqamli platformalar faoliyati, sun’iy intellektning joriy etilishi va mediakontent iste’moli modellarining o‘zgarishi bilan bog‘liq chaqiriqlarga moslashtirish yo‘llarini muhokama qildilar.

Matbuot erkinligini himoya qilish mexanizmlarini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan sessiyada ishtirokchilarga YeXHT rahbariyatining 2018-yil 7-dekabrda Milanda bo‘lib o‘tgan YeXHT Vazirlar kengashi yig‘ilishida qabul qilingan «Markaziy Osiyoda yirik texnologik platformalar va SI davrida OAV erkinligi» bo‘yicha Yo‘l xaritasi taqdim etildi va ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjatning asosiy qoidalari quyidagi yo‘nalishlarni bajarishni nazarda tutadi:

  • Zo‘ravonlik va tahdidlarni qoralash: Hujjat jurnalistlarga ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday hujum, tahdid, qo‘rqitish, asossiz hibsga olish va ushlab turish holatlarini qat’iy qoralaydi.
  • Jazosizlikka qarshi kurash: Davlatlar OAV xodimlariga qarshi sodir etilgan barcha jinoyatlar bo‘yicha tezkor, samarali va xolis tergov o‘tkazishga hamda aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqiriladi.
  • Qonunchilik islohoti: Qaror davlatlarga o‘z qonunlari va siyosatini fikrni erkin ifoda etishni asossiz cheklash vositasi sifatida qo‘llanilmasligi uchun qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qiladi.
  • Raqamli xavfsizlik: Ushbu darajada ilk bor raqamli muhitda jurnalistlarni himoya qilish, jumladan noqonuniy kuzatuv, buzib kirish (xakerlik) va internetdagi tahdidlarni (ayniqsa, ayol jurnalistlarga nisbatan) qoralash muhimligi alohida qayd etildi.
  • YeXHT bilan hamkorlik: Davlatlarning YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili bilan faol hamkorlik qilishi zarurligi tasdiqlandi.

Munozaralar davomida, xususan, OAV erkinligini ilgari surish, sifatli jurnalistikaning rolini oshirish va internetda ijtimoiy ahamiyatga ega axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga, shuningdek, qo‘llanma qoidalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha aniq qadamlarni muhokama qilishga alohida urg‘u berildi.

Axborot makonidagi huquqiy asoslar va ularning ijrosi masalalariga bag‘ishlangan sessiya alohida qiziqish uyg‘otdi. Interfaol muloqot chog‘ida OAV, davlat muassasalari, fuqarolik jamiyati va boshqa manfaatdor tomonlar vakillari so‘nggi bir yil ichida mintaqaning axborot muhitiga ta’sir ko‘rsatgan eng dolzarb qonunchilik, me’yoriy, iqtisodiy va texnologik chaqiriqlarni muhokama qildilar. Ekspertlar va ishtirokchilar ushbu o‘zgarishlar fikrlar xilma-xilligi (plyuralizm) va OAVga bo‘lgan jamoatchilik ishonchiga, ishonchli axborotdan foydalanish imkoniyatiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani, mintaqaviy hamkorlik uchun umumiy tendensiyalar, muammolar va qanday imkoniyatlar mavjudligi yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Shu munosabat bilan jurnalistlarning raqamli xavfsizligi va axborot manbalarini himoya qilish katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois tadbirda ekspertlar tomonidan xavfsiz aloqa vositalari, ma’lumotlarni himoya qilish, kiberxavflarning oldini olish va ularga chora ko‘rish strategiyalari kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Konferensiyada jurnalistlar xavfsizligiga gender jihatidan ham katta e’tibor qaratildi. Mazkur sessiyadagi panel munozarasida ayol jurnalistlar duch kelayotgan mavjud va yangi xatarlar, masalan, onlayn-bulling, kamsitish va zo‘ravonlik holatlari tahlil qilindi. Ishtirokchilar institutsional va amaliy himoya mexanizmlarini, jumladan preventiv choralar, tezkor chora ko‘rish tizimlari va jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash vositalarini muhokama qildilar. Ushbu munozarada, shuningdek, davlat organlari, OAV va fuqarolik jamiyatining media xodimlari uchun xavfsizroq mehnat sharoitlarini ta’minlashdagi roli hamda YeXHT Vazirlar kengashining «Jurnalistlar xavfsizligi to‘g‘risida»gi 3/18-sonli qarorini amalga oshirishga faolroq ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi.

Konferensiyaning yakuniy qismida jurnalistlar ta’limi, ularni tayyorlash va malakasini oshirish, o‘zgaruvchan dunyoda professional sifat standartlarini mustahkamlash sohasi mutaxassislari ishtirokchilar bilan bir qator muhim masalalarni, xususan, bugungi kunda jurnalistika oliy o‘quv yurtlari, media tashkilotlar va professional uyushmalar jurnalistlarni qay tarzda tayyorlayotganini muhokama qildilar. Sessiyada zamonaviy sifatli jurnalistikani qo‘llab-quvvatlashda jurnalistika ta’limi va kasbiy rivojlanishning o‘rni, sohada ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga javoban o‘quv dasturlari, o‘qitish usullari va standartlarni qanday moslashtirish, media mutaxassislarini o‘zgaruvchan kasbiy va texnologik talablarga qanday tayyorlash kerakligi ko‘rib chiqildi.

Ushbu masalalar axloqiy qarorlar qabul qilish, auditoriya bilan o‘zaro hamkorlik va yangi texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanishga qo‘yilayotgan yangi talablar bilan uzviy bog‘liqdir. Amaliyotda bu yangiliklar tahririyatlarining jurnalistikada sun’iy intellektni joriy etish siyosatini, shuningdek, kasbiy odob-axloq qoidalarini hamda sun’iy intellektni mas’uliyatli rivojlantirish, joriy etish va boshqarish yondashuvlarini ishlab chiqish zarurati bilan belgilanadi. Konferensiyaning yopilish marosimida va ish natijalarini sarhisob qilish chog‘ida ekspertlar hamda ishtirokchilar raqamli davrda jurnalistikaning roli favqulodda muhimligini, jamiyatda va umuman har bir davlatda barqarorlik hamda xavfsizlikni saqlash yo‘lida yanada yuksak mas’uliyatga rioya qilish zarurligini tasdiqladilar.