jqtm
Yuklanmoqda...

Navbatdagi loyiha vazifalari muvaffaqiyatli bajarildi

Joriy yilning noyabr oyida O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi (JQTM) YXHT (Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti) bilan hamkorlikdagi «Qonun ustuvorligi, inson huquqlari va demokratlashtirishni ilgari surish. Sud-huquq islohotlarini qo‘llab-quvvatlash» mavzusidagi loyiha vazifalarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

«Fuqarolarning inklyuziv elektron ishtiroki: raqamli axborot muhitida ishonch va ochiqlikni mustahkamlash va OAV bilan hamkorlikni rivojlantirish» deb nomlangan birinchi treningdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining media savodxonlik darajasini oshirish, qonun chiqaruvchilarning yangi raqamli muhitdagi faoliyatini tahlil qilish, sun’iy intellekt (SI) va zamonaviy media platformalardan foydalangan holda media uchun materiallar tayyorlash ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

«Sud organlari matbuot kotiblari faoliyatida zamonaviy IT- texnologiyalar va SIdan samarali foydalanish» mavzusidagi ikkinchi treningning maqsadi esa sudlarning ochiqligi va hisobdorligini kengaytirish, OAV va ijtimoiy tarmoqlar bilan hamkorlik qilish, o‘z ishlarida SIdan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda fuqarolar va jurnalistlarning so‘rovlariga samarali munosabat bildirish bo‘yicha kompetensiyalarini oshirishda ko‘maklashish edi.

«Fuqarolarning inklyuziv elektron ishtiroki: raqamli axborot muhitida ishonch va ochiqlikni mustahkamlashda Аxborot xizmatining roli» mavzusidagi uchinchi trening ishtirokchilarning media savodxonlik, faktcheking, raqamli etika va gigiyena, kiberxavfsizlik hamda SI sohasidagi kompetensiyalarini oshirish masalalariga bag‘ishlandi. Trening davomida, shuningdek, ishtirokchilarning zamonaviy multimedia vositalari, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda vizualizatsiya bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish vazifalari ham qo‘yildi. O‘tkazilgan kurslar natijasida ishtirokchilar o‘z tavsiyalarini ishlab chiqdilar. Unda mamlakat fuqarolari bilan muloqot platformasi samaradorligini oshirish maqsadida SI va turli onlayn vositalarni amaliy qo‘llash uchun bunday treninglarni davom ettirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuni inobatga olish kerakki, yaqin kelajakda mamlakatda katta hajmdagi eskirgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish kutilmoqda va qonun chiqaruvchilar ushbu o‘zgarishlar hamda qonunchilikdagi takomillashtirishlarni aholiga yetkazish uchun fuqarolar bilan yanada faolroq ishlashlari talab etiladi.

O‘zbekiston sudlarining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha kotiblari ham xuddi shunday fikr bildirib, sudlar faoliyatida yanada ochiqlikka erishish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini rivojlantirish, jamoat muloqotida inklyuzivlik va samarali ishtirokni ta’minlash uchun kiberxavfsizlik, SIdan amaliy foydalanish va vizualizatsiya vositalari bo‘yicha o‘qishni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.