jqtm
Yuklanmoqda...

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy muloqot o‘tkazildi

Joriy yilning 7-yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida amaliy muloqot o‘tkazildi.

Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi aʼzolari, shuningdek, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir Davlat rahbarining Murojaatnomasida 2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “favqulodda holat” yili deb eʼlon qilinishi doirasida o‘tkazildi.

Tadbirda «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident Farmonining asosiy jihatlari, Agentlik va davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish masalalari, Raqamli komplayens tizimi taqdimoti, E-qaror platformasida ochiqlikni taʼminlash choralari, korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi – korrupsiyaning oldini olish klasteri to‘g‘risida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, Farmon korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini izchil davom ettirish, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi pozitsiyasini yana-da yaxshilash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadlarni ko‘zda tutadi.

Natijada: sohadagi 5 ming nafardan ortiq xodim faoliyati uyg‘unlashgan vertikal va gorizontal hamkorlik tizimi yaratiladi, korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi, sohada sunʼiy intellektga asoslangan “Xavf-tahlil markazi”, “Raqamli komplayens” platformalari joriy etiladi, klasterni yaratish orqali barcha idoralar faoliyati yagona ekotizimga birlashadi.

Agentlikka korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida preventiv mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan bir qator qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Xususan, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etilmoqda. Ushbu tizim davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini baholash va sertifikatlash tartibini belgilaydi. Bu orqali sohaga milliy sertifikatlash menejment tizimi joriy etilib, mazkur sertifikat xalqaro ISO 37001 standartining muqobiliga aylanadi.

Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etilib, har yili o‘rtacha 20 dan ortiq tashkilot milliy sertifikatga ega bo‘ladi. Mazkur sertifikat, xalqaro ISO 37001 sertifikatining muqobiliga aylanadi va har bir tashkilot uchun o‘rtacha 400 mln so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga olib keladi.

Shuningdek, “E-qaror” tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni eʼlon qilishda ochiqlikka oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ochiqlikni taʼminlash bo‘yicha taʼsirchan choralar qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Taʼkidlash joizki, “E-qaror” tizimiga 2021-2025 yillarda 24 417 ta  hujjat kiritilgan bo‘lib, ularning 9 006 tasi (37 %) “yashirilgan”, shundan 1911 tasi (21 %) esa mablag‘ ajratish bilan bog‘liq. Shu bilan birga, respublika va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni “E-qaror” elektron tizimida asossiz ravishda eʼlon qilmaslik – davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb hisoblanishi hamda tegishli javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi qayd etilmoqda.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori bo‘lgan vazifa va funksiyalarini raqamlashtirish bo‘yicha minimal talablar ishlab chiqiladi.

Bugungi kunda anʼanaviy shaklda ko‘rsatilayotgan 300 dan ortiq xizmatlarni raqamlashtirish bo‘yicha talablar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish jarayonlari raqamlashtirilib, korrupsiya omillarini bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Bu  orqali o‘tkaziladigan tenderlarda bir yilda 40 tonnadan qog‘oz ortiq iqtisod qilinadi, xarid uchun sarflanayotgan vaqt esa 4 oydan 1 oygacha kamayadi, tadbirkorlik subyektlari ishtiroki kengayib, boshlang‘ich narx 10-15 foizga arzonlashishiga erishiladi.

Agentlikka Hisob palatasi, Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan  moliyaviy nazorat va auditni amalga oshirishda davlat xaridlari, manfaatlar to‘qnashuvi, moliyaviy xavf-xatarlar yuzasidan o‘tkazilgan tahlillar va o‘rganish natijalari bilan axborot tizimi orqali tanishish imkoniyati yaratiladi.

Agentlikning buyurtmasiga asosan ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqiladi, malaka oshirish dasturlari tashkillashtiriladi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari tizimdagi korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishining holati va yo‘nalishlari hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni har chorakda Agentlikka taqdim etib boradi.

Tadbirda so‘z olgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Foziljon Otaxonov quyidagilarni taʼkidlab o‘tdi:

– Fuqarolik jamiyati institutlarini O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining bir bo‘g‘ini sifatida namoyon bo‘lmoqda. Farmon bilan fuqarolik jamiyati institutlari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jamoatchilik nazorati, shu jumladan, jamoatchilik eshituvi hamda monitoringi, jamoatchilik fikrini o‘rganishni amalga oshirishi belgilab qo‘yilgani buning yana bir isboti bo‘ldi. Xususan, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi bu yo‘nalishda o‘ziga xos tajriba ega. Masalan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Soqliqni saqlash vazirliklarining jamoatchilik eshituvlarini tashkil qilganmiz. Kelgusida bu jarayonga boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarni ham keng jalb etish orqali faollik va tashabbuskorlikni yana-da oshiramiz.

Bundan tashqari, Agentlik huzurida tashkil etilayotgan “Xavf-tahlil markazi” haqida maʼlumot berildi. Markazga vazirlik va idoralarning 30 ga yaqin maʼlumot bazalari integratsiya qilinib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni nazorat qilishga sunʼiy intellekt joriy etiladi. Masalan, soliq.uz bazasi orqali tashkilot taʼsischilari to‘g‘risidagi maʼlumot bilan davlat xaridlarida affillanganlik, “Elektron jinoiy-huquqiy statistikasi” tizimi orqali korrupsiyaga oid jinoyatlar va ularning sabablari, “my.mehnat.uz” bazasi orqali yaqin qarindoshlarning bevosita biri ikkinchisiga bo‘ysunuvida ishlashi aniqlanadi.

Natijada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qilish anʼanaviy usulda (5-6 kun) amalga oshirishdan raqamlashishga o‘tib, 1 soat ichida bajariladi. Korrupsiya xavflarini aniqlash va bartaraf etishda barcha tashkilotlar qamrab olinadi. Shuningdek, bugungi kunda tekshirish, monitoring va statistika bilan band bo‘lgan 20 nafar xodim hududga tushib korrupsiya omillarini aniqlash ishlari bilan shug‘ullanishi imkoniyati yaratiladi.

Deputatlar keng jamoatchilikni korrupsiyaga qarshi kurashishga jalb etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Xususan, 2026-yildan ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan barcha investitsiya loyihalarini amalga oshirishda mablag‘lar sarflanishida ochiqlikni taʼminlash mexanizmi sifatida mahalla va jamoatchilik faollari ishtirokida Tashabbuskor guruhlarni shakllantirish amaliyotini joriy etilmoqda.

2025-yilda ayrim hududlarda tashkil etilgan mazkur guruhlar faoliyati natijasida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha Andijon viloyatida 42 mlrd so‘m iqtisod qilingan. Mazkur mablag‘lar viloyatdagi 5 ta tumanning 33 ta mahallasiga yo‘naltirildi. Natijada 4 ta maktab, 3 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 2 ta tibbiyot maskani, 90 km elektr energiyasi, 6 km ichki yo‘l, 2 km ichimlik suvi qurish (taʼmirlash) uchun sarflandi.

Bundan tashqari, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni mehnat qonunchiligining buzilishi, shu jumladan mehnat faoliyatida taʼqib, tazyiq holatlaridan himoya qilish maqsadida, Agentlik tomonidan himoya orderini taqdim etish amaliyoti joriy qilinmoqda. Shuningdek, rag‘batlantirishning real mexanizmlari joriy etilmoqda.

Natijada korrupsiya haqida xabar beruvchilar soni 50 foizga ortishi kutilmoqda.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda faol fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni taʼsis etiladi.

Agentlik har yili 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni arafasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashni yo‘lga qo‘yadi.

Yig‘ilish doirasida mazkur vazifalarni Konunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Agentlik va vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilanib olindi.

Manbaa: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Axborot xizmati