O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya, BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, Yevropa Ittifoqining Global aksilterror tashabbusi hamda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik seminardan ko‘zlangan maqsad ekstremizmning oldini olishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot va ta’limiy yondashuvlarni birgalikda o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi loyiha rahbari Dmitriy Ponomaryov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi Renata Vrubel xonim, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori ofisi vakili Anvarjon Meliboyev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining birinchi prorektori Habibullo Sadibakosev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Mamadkulov, shuningdek, Akademiya o‘qituvchilari va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari ishtirok etdilar.
«Profilaktikaning milliy tizimlari, yangi markazlar va hamkorlik aloqalari» mavzusiga bag‘ishlangan sessiyada ishtirokchilar terrorizmga olib keluvchi radikallashuv va ekstremizmning zamonaviy global tahdidlari, onlayn texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi, kiberxavflarning kuchayishi, buzg‘unchi aloqalarning tarqalishi hamda terrorizmni moliyalashtirish manbalarini faol izlash sharoitida ushbu tahdidlarning o‘zgarib borishi (transformatsiyasi) masalalarini muhokama qildilar. Munozaralar davomida profilaktika ishlarida yoshlarda tanqidiy fikrlash va sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish zaruratiga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik normalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari v.b. Renata Vrubel xonim profilaktika ishlarida inson huquqlari, gender tengligi va salbiy stereotiplarni bartaraf etish masalalarini albatta inobatga olish zarurligini ta’kidladi. O‘z navbatida, BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi loyiha rahbari Dmitriy Ponomaryov yangi tashkil etilgan «Ziyo» markazining radikallashuv, ekstremizm va terrorizm profilaktikasiga oid ishlanmalar va amaliy qadamlarni amalga oshirishdagi katta imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.


Foto: O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori
Ekspertlik ma’ruzalari va muhokamalar doirasida O‘zbekistonning uchta nodavlat notijorat tashkiloti — «Barqaror hayot», «O‘zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi» hamda «Istiqbolli avlod» rahbarlari ham so‘zga chiqib, mamlakat aholisining turli qatlamlari bilan terrorizmga olib keluvchi radikallashuv va ekstremizmning oldini olish borasida olib borayotgan ish tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Seminarning ikkinchi kunida ishtirokchilar Shvetsiya, Ispaniya va Yevropa Ittifoqining Global aksilterror tashabbusi xalqaro ekspertlarining radikallashuv hamda ekstremizmga qarshi kurashish profilaktikasini ilgari surishda yoshlar bilan o‘tkazilgan tadqiqotlar va amaliy tadbirlar tajribasiga bag‘ishlangan taqdimotlari bilan tanishdilar. Shuningdek, qatnashchilar yangi «Ziyo» markazining faoliyat yo‘nalishlari, uning mamlakat aholisi o‘rtasida profilaktik va axborot-ma’rifiy ishlarni olib borishdagi keng imkoniyatlari bilan batafsil tanishib, mazkur yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildilar.








