jqtm
Yuklanmoqda...

Andijon shahrida muhim tadbir

2025-yil 18–19-sentyabr kunlari Andijon shahrida YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda jurnalistlar, blogerlar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun media savodxonlik bo‘yicha ikki kunlik trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilishida YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen so‘zga chiqib, bugungi axborot makonida dezinformatsiya xavfi oshib borayotganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda media savodxonlik va tanqidiy fikrlash har bir fuqaro uchun zarur ko‘nikmaga aylanishi shart.

Treningda 27 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida yoshlar va ayollar soni ko‘pchilikni tashkil etdi. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlar oldilar, balki amaliy topshiriqlar orqali dezinformatsiyani aniqlash, faktlarni tekshirish, maʼlumotlarni vizual shaklda taqdim etish hamda kiberxavfsizlik bo‘yicha ko‘nikmalarni o‘rgandilar.

Ikki kunlik dastur doirasida guruhli mashg‘ulotlar, amaliy o‘yinlar va tajriba almashish uchun maxsus sessiyalar tashkil etildi. Ishtirokchilar o‘zaro g‘oyalar ishlab chiqib, kelgusida hamkorlikda loyihalar yaratish yuzasidan rejalar tuzdilar.

Avvalroq shunday treninglar Urganch va Farg‘ona shaharlarida, shuningdek, Toshkent viloyatida yozgi maktab shaklida tashkil etilgan edi. Tashkilotchilarning maʼlum qilishicha, navbatdagi media savodxonlik bo‘yicha trening Namangan shahrida o‘tkaziladi.