2026 yil 14 yanvar kuni Toshkent shahrida «Ilm Nuri Markazi» NNT tomonidan tashkil etilgan, O‘zbekiston Respublikasida Gender taraqqiyoti indeksi (GDI) va Gender tengsizligi indeksi (GII) ko‘rsatkichlarini tahlil qilish hamda takomillashtirishga bag‘ishlangan tadqiqot natijalari muhokamasi bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi.


Tadqiqot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida o‘tkazilgan bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) metodologiyasiga asoslangan. O‘zbekistonda ilk bor gender indekslari hududiy darajada tahlil qilindi, bu esa sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik va iqtisodiy faollik sohalarida ayollar va erkaklarning holatiga taʼsir etuvchi hududiy farqlar hamda tarkibiy omillarni aniqlash imkonini berdi.
Davra suhbatida davlat organlari, ekspertlar hamjamiyati, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Ishtirokchilar tadqiqotning asosiy xulosalarini, gender tengligi sohasidagi mavjud hududiy muammolarni, mamlakatning ayrim hududlari kesimida ayollar va erkaklar holatidagi farqlarni muhokama qildilar.
Xususan, bir qator hududlarda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlari cheklanganligi, ularning iqtisodiyotning yuqori daromadli tarmoqlaridagi ishtiroki pastligi va mehnatga haq to‘lashda gender tafovutining saqlanib qolayotgani asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Boshqa hududlarda sifatli taʼlim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozoridan teng foydalanish masalalari, shuningdek, ayollarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga anʼanaviy ijtimoiy qarashlarning taʼsiri muhokama qilindi. Sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlari va erkaklarning kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha hududiy farqlar, jumladan, tibbiy xizmatlar va profilaktika dasturlaridan foydalanish imkoniyatlari alohida blok sifatida ko‘rib chiqildi, bu esa gender indekslari qiymatiga bevosita taʼsir ko‘rsatadi.

Muhokama yakunlariga ko‘ra, gender siyosatini amalga oshirishda har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda universal choralardan tabaqalashtirilgan, manzilli yondashuvga o‘tish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqish va tuzatish kiritishda, hamda 2030 yilgacha gender tengligiga erishish strategiyasi ijrosini monitoring qilishda tadqiqot maʼlumotlaridan foydalanish muhimligi qayd etildi. Tadqiqot natijalari va davra suhbati davomida bildirilgan takliflar davlat gender siyosatini takomillashtirish va O‘zbekistonning gender indekslarini oshirishda qo‘llanilishi mumkin. Shuni ham taʼkidlash joizki, yaratilgan milliy interaktiv platforma jurnalistlar va blogerlar uchun qulay va samarali vosita bo‘lib, ular o‘z kasbiy faoliyatlarida ishonchli manbadan olingan statistik maʼlumotlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar.








